Назад
Aydar-Arnasoy ko‘li atrofidagi yirik sohil turizm majmuasigacha temir yo‘l ham olib kelinadi

Aydar-Arnasoy ko‘li atrofida yirik sohil turizm majmuasi va sog‘lomlashtirish markazi qurilgani Arnasoy tumani aholisining daromadi ko‘payishiga katta turtki berdi. 
 
Endilikda Arnasoy aeroportida katta samolyotlarni ham qabul qilish imkonini yaratish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, Aydar-Arnasoy ko‘ligacha temir yo‘l ham olib kelinadi. 
 
“O‘zbekiston temir yo‘llari”ga Do‘stlik tumanidan ko‘l hududigacha 45 kilometrli yangi temir yo‘l liniyasini qurishni boshlash topshirildi. 
 
Shuningdek, 7 milliard so‘m hisobiga tumandagi Baxtli mahallasining infratuzilmasi yaxshilanib, turizm qishlog‘iga aylantiriladi. Hududga olib boruvchi yo‘l ta’mirlanadi, tungi yoritish chiroqlari va turizm yo‘l belgilari o‘rnatiladi, manzarali daraxtlar ekiladi.

Manbaa: t.me/Press_Secretary_Uz

Ma`lumot uchun: Hududga 594 o‘rinli zamonaviy joylashtirish majmuasi, 200 o‘rinli 2 qavatli sanatoriya, 294 o‘rinli xostel, 4 xil tipdagi 100 o‘rinli 40 ta kapsula, avtokarting, bolalar maydoni hamda 2 ta voleybol maydoni barpo etildi. Natijada dam olish maskanida 20 ta yangi turizm xizmati yo‘lga qo‘yilib, 1000 nafar aholi ish bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, sohilda mehmonlar uchun 40 ta tapchan, 200 ta plyaj soyaboni, qayiq va yaxta, kofeteriy, restoran, ochiq basseyn hamda sanitariya-gigiyena shoxobchalari xizmat ko‘rsatadi.

 Yangi turistik markazda har yili 100 ming xorijiy va 500 ming mahalliy turist jalb qilish rejalashtirilgan. Oila va yoshlar uchun “Weekend tour”, “Family rest”, “Youth camp” kabi maxsus turpaketlar joriy qilinadi.

 Ushbu maskanning ishga tushirilishi viloyat turizmi uchun katta qadam bo‘lib, tabiat qo‘ynida dam olish, shovqindan uzoqlashib tetiklanish va yangi taassurotlar olish uchun O‘zbekistonning eng jozibali yangi turizm markazlaridan biriga aylandi.